Boqiy shaharga sayohat uyushtirildi
11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami oldidan Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi tashabbusi bilan 50 nafar a’zoning Boqiy shahar — Samarqandga sayohati tashkil etildi.
— Kasaba uyushmaga a’zo bo‘lib, mana shunday go‘zal shaharni ko‘rishga musharraf bo‘ldim, — deydi sayohatchilardan biri Diloromxon Mirzayeva. — Farg‘onadan Samarqandga yetib kelgunimizcha bizga aloxida e’tibor qaratishdi. Qolaversa, qiynalmasligimiz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishdi. Shinam mehmonxona ham bizga manzur bo‘ldi. Buning uchun tashkilotchilarga katta rahmat, deyman.
Farg‘onalik tibbiyot xodimlari Samarqandga sayohatni o‘zbek xalqining atoqli farzandi, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan benazir alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Rasadxonasi va muzeyi bilan tanishishdan boshladilar.
Ular Boqiy shaharning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildilar. Amir Temur maqbarasi hamda Registon maydonida ham bo‘ldilar. Tarixni o‘zida mujassam etgan go‘zal kent sayohatchilarda yorqin xotiralar qoldirdi. Buni ularning fikrlaridan ham bilish mumkin.
—Taassurotlarim bir olam, — deydi Qo‘qon shahar Jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Yulduz Nazaraliyeva. — Rostini aytsam, bu Samarqandga ilk safarim. Sayohat davomida ko‘plab manzillarni borib ko‘rdik. Tarixiy majmualar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Tashkilotchilar emin-erkin sayohat qilishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Buning uchun tashkilotchilardan minnatdorman.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: