Bolajonlarga o‘quv qurollari sovg‘a qilindi
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi nafaqat ishchi-xodimlarini balki, ularning aziz dilbandlarini ham qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib keladi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi va Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan tibbiyot muassasalarida mehnat qilib kelayotgan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oila farzandlarining 214 nafariga yangi yili oldidan o‘quv qurollari jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Ushbu xayrli tashabbus Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi hamda Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bunday g‘amxo‘rlik ota-onalarni mamnun etmasdan qolmadi. Ular farzandlari uchun ko‘rsatilgan yuksak e’tibor uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
— Bu yil qizim Bibisora Egamberdiyeva 2-sinfga boradi. Bugun unga yangi o‘quv qurollari va jamlanmasi berildi, — deydi Farg‘ona shahar qon quyish markazi kichik tibbiyot xodimi Oygul Murodova. — Shu paytgacha ham kasaba uyushmalari ko‘p yordam berib kelgan. Yangi o‘quv yili boshlanishida farzandimga o‘quv qurollarining sovg‘a qilinishi esa, menga katta yordam bo‘ldi.
— O‘quv qurollarini olgan o‘g‘lim Muhammadjonning quvonchi cheksiz, — deydi yana bir kichik tibbiyot xodimi Maftuna Xoliqova. — To‘g‘risi bu tuhfadan men ham xursand bo‘ldim. Bu sahiylik uchun kasaba uyushmalariga katta rahmat, deyman.
Tadbirda so‘z olgan Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Shohidaxon Karimova va Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Ramzjon Otaboyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlod kamoloti yo‘lida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: