BESHARIQ MAHALLALARIDA DUV-DUV GAP
Mamlakatimizda bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyati mahallalarida ham “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-musiqiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ma’naviyat tadbirlarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyaning Farg‘ona viloyati Kengashi ham faol ishtirok etib, olib borilayotgan islohotlarni xalqimizga yetkazishda faollik ko‘rsatmoqda.
Beshariq tuman markaziy madaniyat saroyida tashkil etilgan ma’naviyat tadbirida so‘z olganlar tomonidan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlar xalqimizga aniq hayotiy misollar va dalillar orqali sodda va tushunarli tarzda yetkazildi.
Shuningdek, mamlakatimizda mahallalarga berilayotgan e’tibor, keyingi yillarda butunlay yangicha qiyofa kasb etayotgan ushbu maskanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari alohida tilga olindi.
Ha, Beshariqliklar islohotlardan juda mamnundirlar. Boisi Prezidentimiz sa’y-harakati bilan 2018 yilda Beshariqdagi «Andarxon» xalqaro maqomiga ega bo‘lgan chegara-bojxona posti ochilgani quvonchli voqea bo‘ldi. Quda-andachilik bordi keldilaridagi muammolarga barham berildi. Shuning o‘zi ham tarixiy voqelikdir.
Shu tufayli ham 2023 yil yoz faslida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyaning Farg‘ona viloyati Kengashi hamda Beshariq tumani hokimligi hamkorligida Tojikistonlik 50 nafar yoshlar hamda 20 nafar faxriylar Beshariqning so‘lim go‘shasida dam oldilar. O‘zbek va Tojik xalqlarining nuroniylari va yoshlari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” kabi turkum tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, mehmonlar uchun Farg‘onaning tarixiy joylariga sayohat uyushtirildi.
Bundan tashqari, 2021 yilda Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ajratilgan 1 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga Beshariq tumanida “Sherwood Design” tikuvchilik korxonasi ishga tushdi. Kattalar va bolalar uchun ust-kiyim boshi tikilayotgan “Sherwood Design” korxonasida ish-xodimlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi islohotlar Beshariqda talaygina va ular mahallalarda duv-duv gap bo‘lmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyaning Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi islohotlarni o‘zida mujassam etgan viktorina savol-javoblari o‘tkazildi. Savollarga tezkor va aniq javob bergan bir guruh tadbir ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, tadbirda sohirnafas san’atkorlar hamda tuman Madaniyat markazining hushovoz xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: