Bayram xush kayfiyatda nishonlandi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni mehnat jamoalarida ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Xususan, sana munosabati bilan Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasi tomonidan “Ahmad Al-Farg‘oniy dam olish uyi”da “Yangi O‘zbekiston — Yangi kasaba uyushmalari ” shiori ostida sport musobaqasi tashkil etildi.
Unda tarmoq xodimlarining yuz nafardan ortiq a’zolari ishtirok etdilar. Qatnashchilar sportning shashka, stol tennisi, darts turlari bo‘yicha bellashdilar. Eng qizg‘in baxs shashka musobaqasida kuzatildi. Finalda bellashgan Dang‘ara tuman sport maktabi murabbiysi Safarali Aliyarov va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Rahmatjon Qo‘ziboyev juftligi g‘oliblik uchun astoydil kurash olib bordilar. Uzoq davom etgan baxsdan so‘ng g‘oliblik, Rahmatjon Qo‘ziboyevga nasib etdi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqada esa 1-o‘rinni Qo‘shtepa tuman madaniyat bo‘limi hisobchisi Dilfuza Tursinqulova qo‘lga kiritdi. Barcha sport turlari bo‘yicha g‘oliblik, mahoratli sportsevarlarga nasib etdi.
Tadbir asnosi, tarmoq boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari ishtirokida ishchi-xodimlarning mehnat qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini boyitish maqsadida amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi mehnat huquq inspektori Feruza Abdullajonova yetkachilarga mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida ish beruvchi hamda ishchi-xodimlarning huquq va majburiyatlari, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalliklarining oldini olish, sohaga oid amaldagi qonunchilik talablari masalalari bo‘yicha tushunchalar berib o‘tdi.
Shuningdek, tizimda faoliyat olib borayotgan “Eng namunali boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti” va “Mehnatni muhofaza qilishda eng yaxshi tashkilot” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlanib, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
— Bugungi tashkil etilgan bayram tadbiri ajoyib tarzda o‘tdi, — deydi sportning darts turida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Munojatxon Alimova. — Ayniqsa, sport musobaqasi barchaning esida qoldi. Hamkasblarim bilan so‘lim go‘shada dam olib, maroqli hordiq chiqardik.
Musobaqada mahoratini namoyish etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportsevarlarga qimmatbaho sovg‘alar va barcha ishtirokchilarga ish faoliyatida doim asqotadigan Mehnat kodeksi va badiiy adabiyotlar tuhfa qilindi.
Manzuraxon Akramova,
Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasi raisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: