Asosiy e’tibor xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi
Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasining VI-Plenum yig‘ilishi o‘tkazildi.
Plenum kun tartibidagi Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasi faoliyatining 2024 yil yakunlari va 2025 yilgi ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan qo‘mitasi raisi Manzuraxon Akramovaning ma’ruzasi hamda qo‘mitaning taftish komissiyasi raisi Nozima Dadxayevaning 2024 yilda kasaba uyushma byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, asosiy e’tibor xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, salomatliklarini mustahkamlash, sayohatlar uyushtirish kabi muhim masalalarga qaratildi. Ayniqsa, yordamga muhtoj xodimlar doimo kasaba uyushma va ma’muriyatning e’tiborida bo‘ldi.
Shuningdek, kasaba uyushmasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, ularga yaratilgan qulay va xavfsiz ish sharoitlar, turli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlariga keng jalb etish borasida olib borilgan ishlar batafsil qayd etildi.
Jumladan, ko‘makka muhtoj xodimlarning 150 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari olib berildi. Yozgi mavsumda tarmoq tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning 71 nafar farzandlari yozgi bolalar oromgohlarida sog‘lomlashtirildi. Yo‘llanmalar asosida 149 nafar xodim respublikamizdagi turli sihatgohlarda salomatliklarini mustahkamlab qaytdi.
Shuningdek, 4 nafar xodim Samarqand shahriga, 58 nafar xodim Toshkent shahriga, 76 nafar xodim esa Xiva shahriga sayohatga olib borildi.
Xodimlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish maqsadida muntazam ravishda shaxmat-shashka, mini-futbol, yugurish musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda. Yurtimizda nishonlanadigan bayramlar oldidan musobaqalar o‘tkazish doimiy an’anaga aylangan.
Yig‘ilishda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov o‘tkazish to‘g‘risida hamda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasini chaqirish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar o‘z tashabbuslarini o‘rtaga tashlab, fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ular tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, kelgusida ish jarayonida qo‘llashga kelishib olindi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: