O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlandi
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Rishton tuman bo‘linmasi Kengashi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda kasaba uyushma faollari ishtirok etdilar.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida katta tantana bilan nishonlanib kelinmoqda. So‘nggi yillarda kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning haqiqiy himoyachisiga aylandi. Shuning barobarida, kasaba uyushmalarining jamiyatda tutgan o‘rni ham tobora yuksalib, nufuzi ortib bormoqda.
Bugun kasaba uyushmalariga bo‘lgan qarash tubdan o‘zgardi. Buni tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ko‘rish mumkin. Albatta, kasaba uyushmalari safining tobora kengayib borayotganini, a’zolarning kasaba uyushmalariga bo‘lgan ishonchi bilan bog‘lash mumkin.
Tadbir ishtirokchilariga kasaba uyushmalari tarixi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tildi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining boshlanishi ham o‘ziga xos tarixga ega. Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston kasaba uyushmalari qariyb 120 yillik tarixga ega bo‘lib, o‘lkadagi ilk kasaba uyushmalari 1905-yilda temir yo‘l ishchilari va aloqa xodimlari tomonidan tashkil etilgan. Shu zaylda boshqa sohalarda ham kasaba uyushmalari tuzilib, ishchi-xodimlarning manfaatlariga xizmat qiladi. Bundan ko‘rinib turibdi, kasaba uyushmalari ilk qadamlarini bilim va ma’rifat asosida tashlaganliklaridan dalolat beradi.
— Men kasaba uyushmaning bir a’zosi sifatida aytishim mumkinki, bugun kasaba uyushmalari chin ma’noda ishchi-xodimlarning haqiqiy suyanchig‘iga aylandi, — deydi Rishton tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi Zulfiyaxon Ulug‘bekova. — Shaxsan o‘zim kasaba uyushmalarining ko‘magidan bir necha marotaba bahramand bo‘lganman. Qiynalgan kunlarimda kasaba uyushmasi madadkor bo‘ldi. Bir necha marotaba tarixiy shaharlarga sayohatga borib, ko‘rmagan joylarimni ko‘rdim. Salomatligimni tiklash uchun eng so‘lim sihatgohda salomatligimni tiklab qaytdim. Qolaversa, bugungi tadbir orqali kasaba uyushmalarining tashkil etilishiga oid ko‘plab tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Tadbir asnosi, xushovoz xonandalar ishtirokidagi musiqiy chiqishlar yig‘ilganlarga xushnudlik bag‘ishladi. Ajoyib spektakl namoyishi esa tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.
Yig‘ilganlarni 8 mart — Xalqaro Xotin-qizlar kuni bilan qutlash maqsadida barcha xotin-qizlarga Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Rishton tuman bo‘linmasi Kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: