“Ayollar daftari”ning 6-bosqichidagi o‘zgarishlar
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimi boshqa hech bir mamlakatda uchramaydigan noyob mexanizm bo‘lib, bu orqali yurtimiz xotin-qizlarini qiynab kelayotgan muammolar hal etilishiga erishilmoqda. Natijada jamiyatimizda muhim o‘rin tutuvchi opa-singillarimizning turmush farovonligi oshirilib, hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga zamin yaratilmoqda.
Mana, olti yildirki, mamlakatimizda og‘ir ijtimoiy holatga tushib qolgan ayollar uchun mahallalarda “Ayollar daftari” shakllantirilib, ushbu ro‘yxatga kiritilgan ayollarga yordam berib kelinmoqda. Bu yil ushbu ro‘yxatni shakllantirish va amaliy yordam ko‘rsatishda bir qator yangiliklar joriy etildi.
Xususan, 2024-yil 10-dekabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati hamda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning daftarga kiritilishida qator o‘zgarishlar bor.
Birinchi navbatda joriy yilning 5 yanvaridan 30 yanvarigacha xonadonma-xonadon yurish orqali “mahalla yettiligi”, sektor ishchi guruhlari bilan birgalikda anketa-so‘rovnoma asosida xotin-qizlarning barcha yo‘nalishdagi muammolari o‘rganiladi. Ilgari bu ish turli tashkilotlardan tarkib topgan vakillardan iborat maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilardi. 30 yanvardan 15 fevralgacha “mahalla yettiligi” tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi, ya’ni toifasi aniqlanib, “Ayollar daftari”ning 6-bosqichiga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantiriladi.
Ro‘yxat tuzilgandan so‘ng “mahalla yettiligi” tomonidan har bir ayolning individual dasturlari ishlab chiqiladi hamda sektor rahbariga taqdim etiladi. 15 fevraldan 25 fevralgacha sektor rahbarlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i barcha mahallalardan ro‘yxat va individual dasturlarni olib, ijro uchun mas’ul bo‘lgan tuman (shahar) tashkilotlari rahbarlarini yig‘adi va individual dasturlar bilan tanishtirib chiqadi.
Tuman (shahar) tashkilotlari rahbarlari esa individual dastur bilan tanishib chiqib, imzo qo‘yib, tasdiqlab beradi. Agar mas’ullarda dasturda belgilangan “amaliy yordam” bo‘yicha e’tiroz bo‘lsa, shu joyning o‘zida to‘g‘rilab, keyin tasdiqlashadi. Individual dasturlar sektorlar va mas’ul tashkilotlar rahbarlari tomonidan imzolanganidan keyin uning asl nusxasi “mahalla yettiligi”ga qaytarib beriladi.
“Mahalla yettiligi” “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga qaysi tashkilot qachon, qancha miqdorda yordam berishini tushuntirib, rozi bo‘lsalargina individual dasturlarning asl nusxasiga imzo qo‘ydiradi.
Agar biror bir ehtiyojmand ayolda individual dasturda belgilangan “amaliy yordam”ga nisbatan asoslangan e’tirozi bo‘lsa, individual dastur qayta ishlanadi va mas’ullar tasdiqlab berganidan keyin ehtiyojmand ayolning imzosi olinadi.
Individual dasturlar sektorlar rahbarlari, ijro uchun mas’ul tashkilotlar rahbarlari va ehtiyojmand ayollar tomonidan imzolanganidan keyingina “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori bilan tasdiqlanadi.
Shu jumladan, individual dasturga o‘zgartirish kiritish masalasi ham “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori bilan amalga oshiriladi. Individual dasturlar “mahalla yettiligi” tomonidan yuritiladi va mahalla idoralarida saqlanadi. Sektor rahbarlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i individual dasturlar asosida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Sektorlar rahbarlari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari hamda “mahalla yettiligi” a’zolari “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirishda ma’lumotlarning haqqoniyligi bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadi. Bu masala “Ayollar daftari” nizomida qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Barcha hujjatlar tasdiqlanganidan keyin mart oyidan boshlab, noyabr oyigacha ehtiyojmand ayollarga ularning individual dasturlari asosida tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy yordam berib boriladi. Shu o‘rinda bir narsaga e’tibor qaratish lozim: amaliy yordam berishda, jumladan, mablag‘larni sarf etish bilan bog‘liq ko‘p masalalarda “mahalla yettiligi” tavsiyasi, xulosasi yoki qarori kerak bo‘ladi.
Bu davrda, ya’ni mart-noyabr oylari davomida sektorlar rahbarlari har oy yakunida amalga oshirilgan ishlarni tegishli tashkilotlar rahbarlari va “mahalla yettiligi” bilan birgalikda tahlil qilib boradi, muammolar vujudga kelgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Bundan tashqari, sektorlar rahbarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari va mas’ul tashkilotlar rahbarlari individual dasturlarda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi va uning haqqoniyligi bo‘yicha har chorak yakunida tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga axborot beradi.
“Ayollar daftari” tizimi doirasida nizom talablari asosida amalga oshirilayotgan ishlar quyidagi tartibda muvofiqlashtirib boriladi. Mahalla darajasida — tuman (shahar) sektorlari rahbarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Tuman (shahar) darajasida — viloyat sektorlari rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hududiy kengashlari, oila va xotin-qizlar boshqarmalari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Yana bir jihati jundaki, bu yil yildan boshlab yilning turli paytida to‘satdan yuz bergan vaziyatlar natijasida qiyin ahvolga tushgan ayollar ushbu ro‘yxatga kiritilib, ularga tegishlicha yordam berilishi mumkin. Bunda ular o‘z mahallasiga murojaat qilishi lozim bo‘ladi. Shundan so‘ng ularga ushbu daftarda ko‘zda tutilgan yordam ajratilishi mumkin.
Abror Otaboyev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: