Munavvarxon Umarovaga yana ishonch bildirildi
Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Hozirda mazkur boshqarmada 1467 nafar ishchi-xodim mehnat faoliyatini olib bormoqda. Konferensiyada belgilangan me’yorga muvofiq bo‘limlardan saylangan 50 nafar delegatlardan 48 nafari ishtirok etdi.
Dastlab, Ishchi rayosat, kotibiyat, tahrir hamda sanoq komissiyalari saylab olinganidan so‘ng kun tartibidagi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Unga ko‘ra, Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi kasaba uyushma qo‘mitasining 2020 yil fevraldan 2025 yil fevralgacha bo‘lgan davrdagi faoliyati tinglandi.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida 75 nafar ishchilar kasaba uyushmalari tizimidagi sihatgohlarda imtiyozli ravishda sog‘liklarini tiklashgan, 217 nafar xodimlar kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan Toshkent, Samarqand, Xorazm viloyatlarining diqqatga sazovor joylariga sayoxatga yuborilgan, 302 nafar xodimga moddiy yordamlar berilgan, ishchi-xodimlarning 87 nafar farzandlari yozgi mavsumda bolalar oromgohlarida dam oldirilgan. Bundan tashqari, ish beruvchi va kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari uchun 122 mln. so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan.
Konferensiya delegatlari kasaba uyushma qo‘mitasining o‘tkan yillardagi faoliyatini qoniqarli deb topib, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasining hisobotini tasdiqladi.
Shundan so‘ng konferensiyada yashirin ovoz berish yo‘li orqali muqobillik asosida Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi etib Munavvarxon Umarova qayta saylandi.
Konferensiyada shuningdek, Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi kasaba uyushma qo‘mitasi tarkibi, Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi tarkibi, Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi raisi, O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat birlashgan qo‘mitasi hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar, hamda viloyat birlashgan qo‘mitasi tarkibiga vakillar saylandi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Ulug‘bek Muhamedov ishtirok etib, ishchi-xodimlarning himoyasi borasida olib borilgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: