Beg‘araz yordam uchun katta rahmat!
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi Dilnozaxon Fozilova dardga chalinib, ancha azob chekdi. Shifokorlar esa unga vaqtida davolanishni aytishdi. Lekin oiladagi moddiy tanglik bunga mo’nelik qildi. Natijada II guruh nogironiga aylanib qoldi.
Xayriyat, uni ham eshitadiganlar, tinglaydigan kunlar keldi. Prezidentimizning ezgu tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ning joriy etilishi dardini kimga aytishni bilmay, o‘z muammolari bilan o‘zilari kurashib yurgan xotin-qizlarga chinakkamiga baxt ulashdi.
Uyma-uy, xonadonma-xonadon o‘rganishlar orqali u ham “Ayollar daftari”ga kiritildi. Ezgu tashabbus unga katta madad bo‘ldi. Dastlab moddiy yordam berildi. Keyin esa salomatligini tiklashi uchun ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday yordamlardan keyin Dilnozaxon ancha oyoqqa turib oldi. Ammo eski dard uni yana bezovta qila boshladi. Shifokorlar unga davolanish zarurligini aytishdi. O‘zi shundoq ham ro‘zg‘orini arang eplayotgan ona uchun bu yana bir to‘siq bo‘ldi. Mablag‘ so‘rab ko‘p joylarga bordi. Ammo yetarli mablag‘ topishning imkoni bo‘lmadi. Kasallik esa uni ahvolini yanada battarlashtirdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 1211 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”ning tashkil etilgani Dilnozaxon Fozilovaning baxti bo‘ldi. Davolanish uchun moddiy yordam masalasida yo‘llagan murojaati ko‘p o‘tmay hal etildi.
— Yaxshi insonlarning ko‘magi bilan Toshkentdagi shifoxonada davolanyapman, — deydi Dilnozaxon Fozilova. — Murojaatimdan so‘ng davolanishim uchun kerakli mablag‘ni o‘tkazib berishdi. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Bunday beg‘araz yordam uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga katta rahmat aytmoqchiman. Bu nufuzli dargohning yaxshiligini hech qachon unutmayman.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: