“Kasaba uyushma bog‘i”ga nihollar ekildi
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida 5 gektar maydonda “Kasaba uyushma bog‘i” tashkil etilgan bo‘lib, bugun ushbu bog‘ga hudud iqlimi va tuproq sharoitidan kelib chiqib, bodom, olxo‘ri, o‘rik, terak va archa kabi 3 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Bir paytlar qarovsizlikdan, tashlandiq joyga aylangan hudud O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan bog‘ga aylantirilgan edi. Bugun ushbu bog‘ chinakkam “Yashil makon”ga aylandi.
— Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun yurtimizda ushbu ezgulikka yo‘g‘rilgan qadimiy an’ana davom ettirilib, umummilliy harakatga aylandi. Qaysi bir go‘shaga bormang, ushbu xayrli ishning ustidan chiqasiz, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. — Jamoamiz bilan bu ezgu ishga o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida “Kasaba uyushma bog‘i”ga mevali daraxt ko‘chatlarini ekdik. Ishonchim komilki, bu bog‘ Farg‘onaning eng go‘zal, ko‘z ko‘rsa, quvonadigan makoniga aylanadi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining nafaqat Farg‘ona viloyati Kengashi balki, Respublika tarmoq kasaba uyushmalarining tuman-shahar Kengashlari, viloyatlardagi oromgohlar, Federatsiya tasarrufidagi sihatgohlarda ham daraxt ekish yumushlari yuqori uyushqoqlikda davom etmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu bog‘ga Kengash xodimlari tomonidan ekilgan daraxtlarni parvarish qilish va o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: