XODIMLARGA 392 MLN. SO‘MDAN ZIYOD ISH HAQI TO‘LAB BERILDI
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashiga Farg‘ona shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “UZ-HANWOO” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasining bir guruh xodimlari ish beruvchi tomonidan oylik ish haqi to‘lanishi kechikayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan edi.
Xodimlar tomonidan yo‘llangan murojaatni o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi va “UZ-HANWOO” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi rahbarlari ishtirokida muzokara yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda “UZ-HANWOO” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonasi tomonidan ishchilarga oylik ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanmay kelinayotganligi muhokama qilindi.
Muzokara davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev mazkur masalada avval ham korxona direktoriga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab berish yuzasidan taqdimnomalar kiritilganligini eslatib, xodimlar manfaati yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga da’vo arizasi tayyorlanganligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Kengash raisi agar da’vo arizasi sudga yuborilsa, korxona qo‘shimcha ravishda sud va undiruv xarajatlarini to‘lashi lozimligini, ushbu holat korxonaning moliyaviy ahvolini yanada yomonlantirishi mumkinligini ta’kidladi.
Bunga javoban “UZ-HANWOO” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi bosh direktori Xo Yong Sik korxonani rivojlantirish va xodimlarga munosib mehnat sharoitini yaratish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirib kelayotganligini, korxonaning tashqi va ichki qarzlari mavjudligi sababli haqiqatdan ham ishchilarga 2024 yil sentyabr va oktyabr oylari uchun oylik ish haqi kechikkanligini bildirdi.
Korxona rahbari xodimlarning oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni 3 ish kuniga qadar to‘liq to‘lanishini, agar belgilangan muddatda to‘lanmasa, sud organlariga murojaat qilinishiga qarshiligi yo‘qligini bildirdi.
Natijada xodimlarga 392 mln. 7 ming 915 so‘m oylik ish haqlari to‘lab berildi.
Feruza Abdullajonova,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi mehnat huquq inspektori.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: