Yangi ijtimoiy shartnoma: kasaba uyushmalari nigohida
Bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashida “Yangi ijtimoiy shartnoma: kasaba uyushmalari nigohida” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Sayfulla Ahmedov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Mahmudjon Isayev hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon va Namangan viloyatlari Kengashlari bo‘lim mudirlari va Respublika tarmoq kasaba uyushmalarining viloyatlardagi mas’ul rahbarlari ishtirok etdilar.
Shuningdek, seminarda videokonferensaloqa shakli orqali tarmoq kasaba uyushmalarining tuman-shahar Kengashlari raislari qatnashdilar.
Seminarni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev bugungi kunda kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, uning nufuzi yil sayin oshayotganini va ishchi-xodimlarning haqiqiy himoyachisiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Anjumanda so‘z olgan Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas dunyo miqyosida o‘zgarib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik voqeliklar kontekstida yangi ijtimoiy shartnomani ishlab chiqish va milliy hamda mintaqaviy darajalarda tatbiq etish dolzarbligini ta’kidladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Mahmudjon Isayev seminarda ma’ruza qilar ekan, haqiqatdan ham munosib mehnat va ijtimoiy adolat “yangi ijtimoiy shartnoma”ning asosi bo‘lishi kerakligi, xususan, yangi ijtimoiy shartnoma inson huquqlari, mehnat sohasidagi asosiy tamoyillar va huquqlarni hurmat qilish, inklyuziv va samarali boshqaruv, to‘liq, samarali va erkin tanlangan bandlikni yaratuvchi strategiyalar, “yashil iqtisodiyot”ga adolatli o‘tish, teng mehnat muhofazasi, qonun ijodkorligini takomillashtirish va nazorat mexanizmini isloh etish, ijtimoiy himoyadan umumiy foydalanish imkoniyati kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olishi kerakligini qayd etdi.
Mintaqaviy seminarda so‘z olgan Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Orzigul Qozixonova so‘z olib ijtimoiy adolat har qanday ijtimoiy shartnomaning asosini tashkil etishi, uning samaradorligi ijtimoiy adolatga munosib mehnat orqali erishishga bog‘liq ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda munosib mehnat va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning inson manfaatlariga, ayniqsa, mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va munosib sharoitlarida mehnat qilishiga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.
Seminar yakunida kun tartibidagi dolzarb masala bo‘yicha fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: