Haqiqiy bahoni mushtariy beradi
Har yili an’anaga ko‘ra respublikamiz bo‘ylab “Ishonch” kunlari” tadbiri o‘tkaziladi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa gazetxonlarning fikri bilan o‘rtoqlashish, ularni takliflarini eshitish, qolaversa, mushtariylar gazeta sahifalaridan nimalarni o‘qishni istaydi, ularni ko‘proq qaysi mavzular qiziqtirishini bilishdir. Chunki gazetaga haqiqiy bahoni mushtariylar beradi.
Shu maqsadda Farg‘onada “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari ijodiy jamoasining gazetxonlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda kasaba uyushma faollari va gazeta mushtariylari bilan yuzma-yuz muloqot qilindi.
Bugun respublikamizda yetakchi nashrga aylangan “Ishonch” gazetasi o‘zining rang-barang sahifalari orqali mushtariylarga manzur bo‘lib kelmoqda. O‘ziga xos dizayniga ega gazetada tahliliy va tanqidiy maqolalarga keng o‘rin berilmoqda. Bu esa mushtariylarning gazetaga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.
Uchrashuv davomida mushtariylar gazeta haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini va takliflarini aytib o‘tishdi.
— Bugun “Ishonch” gazetasi o‘z nomi bilan ishonchni oqlayapti. Unda chop etilayotgan turli mavzudagi maqolalar mushtariylarni befarq qoldirayotgani yo‘q, — deydi Farg‘ona shahar bolalar shifoxonasi bosh hamshirasi Gulnoraxon Ro‘ziyeva. — Shaxsan o‘zim gazetani har bir sonini o‘qib chiqaman. Menga ko‘proq gazeta sahifalarida berilayotgan savol-javoblar manzur bo‘ladi. Chunki unda ishimizda ko‘proq kerak bo‘ladigan savollarga javob beriladi.
— “Ishonch” gazetasi ijodkorlari bilan uchrashuvlar har doim foydali bo‘lib kelgan, — deydi Farg‘ona shahar Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati kasabaqo‘mi Kamola Baxtiyorova. — Bugungi uchrashuv ham foydadan holi bo‘lmadi. Men o‘zim “Ishonch”ni muxlisiman. Uni doim mutolaa qilib kelaman. Menga yoqqan tomoni gazeta sahifalarida dolzarb maqolar berib boriladi. Yana bir jihati tanqidiy maqolalar, odamlarni qiynab kelayotgan muammolar dadil ko‘tarib chiqiladi. Shuning uchun ham biz mushtariylar gazetaning har bir sonini katta qiziqish bilan o‘qib boramiz.
Yoshligimizdan uyimizga gazeta va jurnallar keladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, gazetaga mehrim bo‘lakcha, — deydi Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Marg‘ilon shahar kengashi raisi Mahfuzaxon Madiyorova. — “Ishonch” gazetasi qadrdonim bo‘lib ketgan desam ham bo‘laveradi. Do‘stlar davrasida yoki boshqa joyda o‘tirib qolsak, muhim yangiliklar haqida gapirsam, shuncha narsani qayerda bilasiz, deb so‘rashadi. Men ularga “Ishonch”ni o‘qib deb, javob qaytaraman. Sababi gazeta maqtashga arzugulik. Uni o‘qisangiz, o‘zingiz uchun ko‘p narsani o‘rganasiz. Qolaversa, faoliyatimizga kerak bo‘ladigan ko‘plab mavzular ham ushbu gazetada yoritilib kelinmoqda.
— Men ham ko‘pni qatori “Ishonch”ning muxlisiman, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohsulton To‘xtamatov. — Gazeta chindan ham bugun mushtariylar ko‘nglidan joy olib ulgurdi. Tahsinga loyiq jihatlardan biri shuki, so‘nggi paytlarda rang-barang, qamrovi keng va ta’sirchan maqolalar ko‘payib bormoqda. Yana bir muhim jihati, avvallari gazeta poytaxtda bosilib, keyin vodiy viloyatlariga yetib kelardi. Bu esa uning joylarga o‘z vaqtida yetib kelishida turli muammolarni yuzaga keltirar edi. Ayni paytda gazetaning Farg‘ona viloyatida bosilishi gazetaning vodiylik mushtariylarning qo‘liga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minladi. Ayniqsa, hech qaysi gazeta sahifalarida uchramaydigan “Javobini kutayotgan savollar”, “Ishonch” savoli kabi sahifaning yo‘lga qo‘yilgani, ochig‘i matbuot nashrlari orasida yangilik bo‘ldi. Unda ko‘plab yechimini izlayotgan savollarga atroflicha javob olinmoqda. Bu esa gazetani o‘ziga xosligi bo‘ldi.
Uchrashuv so‘nggida faol gazetxonlarga tahririyatning sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: