Xodimlar rozi bo‘lsa, ishda unum va baraka bo‘ladi
Muhandislik sir-asrorlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan Farg‘ona politexnika institutida 1 ming 206 nafar professor-o‘qituvchi va ishchi-xodim mehnat qiladi.
Mingdan ortiq kasaba uyushma a’zolarini manfaatlarini himoya qilish, ularga tirgak bo‘lish, kerakli paytda yordam qo‘lini cho‘zish, ularning koriga yarash kasaba uyushma yetakchisidan fidoyilik talab qiladi.
Baxtiyor Dadajonov Farg‘ona politexnika institutida kasabaqo‘m bo‘lib ishlab kelayotganiga qariyb 11 yil bo‘ldi. Bu davr ichida u ishchi-xodimlarning haqiqiy suyanchig‘iga aylandi. Kengfe’lli bu fidoyi inson har-bir ishchi-xodimni besh qo‘ldek biladi. Jamoa ham shunga yarasha kasaba uyushma yetakchisini yaxshi biladi. Kimningdir boshiga biror mushkul ish tushsa yoki ko‘makka ehtiyoj sezsa, kasaba uyushmaning ko‘magiga suyanadi.
…Oliygoh qarovuli Xosiljon Siddiqovning salomatligi yomonlashib, dori-darmonga qiynalib qoldi. Davolanmay desa yana bo‘lmaydi… Uning kasaba uyushmalariga qilgan murojaati bee’tibor qolmadi. Unga salomatligini tiklash uchun moddiy yordam ajratildi.
Matlubaxon Akbarova ham shu dargohning a’zosi. Bu yerda u farrosh bo‘lib ishlaydi. Oilasidagi yetishmovchilik sabab ozgina qiynalib qoldi. U ham kasaba uyushma qo‘mitasining ko‘magi sabab mushkuli oson bo‘ldi.
Oliygohning fidoyi ustozlaridan biri Shavkatjon Xonqulovning salomatligi biroz orqaga ketdi. Bundan xabar topgan kasaba uyushma yetakchisi unga darxol yordam qo‘lini cho‘zdi. Bu ko‘mak uning tezroq shifo topishiga sabab bo‘ldi.
Aslida bunday ko‘mak va yordamlarni ko‘plab misol qilib keltirish mumkin. Lekin hamma gap ishchi-xodimlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikda. Qayerda xodimlarga e’tibor bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlansa, ishda unum va baraka bo‘ladi.
— Oliygohda mehnat qilayotgan har bir xodim biz uchun qadrli. Ularning samarali mehnati sabab oliygohimiz ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqda, — deydi kasaba uyushma qo‘mitasi yetakchisi Baxtiyor Dadajonov. — Jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imkoniyat yaratib berishni asosiy vazifamizga aylantirganmiz. Ayniqsa, xodimlarning salomatligi kasaba uyushma qo‘mitasining doimo diqqat-markazida.
Yilning shu paytgacha 50 nafar professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari tasarrufidagi sihatgohlarda salomatligini mustahkamlab qaytdi.
Xodimlarni mazmunli dam oldirish va sayohatlarga olib borish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Institut nufuzini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shgan jonkuyar xodimlarining 60 nafari tarixiy shaharlarga sayohatga olib borilgan bo‘lsa, 100 nafardan ortig‘i so‘lim go‘shalarda dam oldirildi. Ahamiyatlisi, bu kabi sayohatlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan bepul amalga oshirilmoqda.
Beshqo‘l barobar bo‘lmaganidek, jamoa orasida ko‘makka muhtojlari ham yo‘q emas. Ma’muriyat bilan kelishgan holda ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan xodimlar ro‘yxati shakllangan bo‘lib, ularga doimiy ravishda ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Xususan, 200 nafarga yaqin xodimga kasaba uyushmalari tomonidan moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, ishda namuna ko‘rsatgan xodimlarning 60 nafari rag‘batlantirildi. Bundan tashqari, xodimlarning 100 nafarga yaqin farzandlari yozgi oromgohlarda sog‘lomlashtirildi. Yangi o‘quv yili boshida esa, kam ta’minlangan, ehtiyojmand xodimlarning farzandlariga kasaba uyushma qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan maktab o‘quv qurollari olib berildi.
Har bir bayram oldidan faxriy ustozlar holidan xabar olish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Oliygohda “Saxovat karvoni” tashkil etilgan bo‘lib, ushbu karvon orqali nafaqadagi faxriylarga izzat-ikrom ko‘rsatiladi. Shu kungacha “Saxovat karvoni” orqali 50 nafar faxriyga mehr ko‘rsatilib, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Institutda xodimlarni bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Mehnat huquqlaringizni bilasizmi?” tanlovi va “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa xodimlar o‘rtasida ijodiy muhitni yanada o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, qayerda xodimlar uchun munosib sharoit yaratilsa, ularga e’tibor va rag‘bat bo‘lsa, albatta, o‘sha joyda o‘sish va yuksalish bo‘ladi. Farg‘ona politexnika institutida esa bularning barchasi mujassam.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: