Kasaba uyushma aralashuvi bilan ustama pullari undirib berildi
Mehnat jamoalarida ishlab kelayotgan ishchi-xodimlarni huquqlarini himoya qilish, ularga ko‘mak ko‘rsatish kasaba uyushmalarining asosiy vazifalaridan biri. Shu bois ham Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat huquq inspektorlari tibbiyot muassasalarida bo‘lib, a’zolarga yaratilgan sharoitlar va ish haqlarini to‘lanishi bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bormoqdalar.
Navbatdagi o‘rganish ishlari Marg‘ilon shahar Sanitariya Epidemiologiya-Osoyishtalik va jamoat salomatlik bo‘limida olib borildi.
O‘rganishlar davomida ushbu muassasada 2020 yildan buyon Sanitariya gigiyena bo‘limiga sanitar vrach yordamchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Gʻayrat Mamadaliyev va uning hamkasbi Akmaljon Axatovga ustama pullari to‘lanmasdan kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi Nizomning 1.19 bandida Sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari xodimlariga “Sog‘liq uchun xavfli va mehnat sharoitlari og‘ir bo‘lgan, ularda ishlash xodimlarning tarif stavkasiga 15 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilash huquqini beradigan” lavozimlarda sanitariya vrachlari yordamchilari ham aniq qilib ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga asosan ushbu lavozimda ishlovchi xodimlarga lavozim maoshiga 15 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lash belgilangan.
Bu bo‘yicha ish beruvchiga taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa-da, ish beruvchi turli vajlar bilan ikkala xodimga ham ustama to‘lashni rad etadi.
Mazkur ish sudda ko‘rib chiqildi. Sudning qarori bilan Gʻayrat Mamadaliyevga 2020 yil dekabr oyidan 2023 yil oktyabr oyigacha va shu yilning may oyi uchun to‘lanmay qolgan 15 foiz ustama pullari 10 mln. 325 ming so‘m, shuningdek, Akmaljon Axatovga ham 2020 yil dekabr oyidan 2023 yil oktyabr oyigacha va shu yilning may oyi uchun to‘lanmay qolgan 15 foiz ustama pullari 10 mln. 782 ming so‘m undirib berilishiga erishildi.
Zafarjon QURBONOV,
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat huquq inspektori.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: