Ish beruvchidan xodim foydasiga 32 mln. 705 ming so‘m undirib berildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashiga Farg‘ona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi xodimi Islomjon Solijonovdan murojaat kelib tushdi. U o‘z arizasida mehnatga oid huquqlari buzilgani va ishga tiklanishda huquqiy ko‘mak so‘ragan.
I. Solijonov mazkur tashkilotda 1991 yildan buyon ishlab keladi. U o‘z ishiga puxtaligi, mas’uliyatliligi sabab ishlagan davri ichida biror marta mehnat intizomini buzmadi, intizomiy javobgarlikka ham tortilmadi.
Lekin negadir, ish beruvchi uni ishdan bo‘shatishga ahd qildi. Bir necha bor I.Solijonovga ariza yozdirishga urindi. Ammo u bunga rozi bo‘lmadi. Oxiri arizani majburlab yozdirishdi…
Islomjon Solijonovning mazkur murojaati ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra jamoatchilik asosida o‘rganib chiqildi.
O‘rganishda Farg‘ona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining 2024-yil 17-aprel kungi buyrug‘i bilan Islomjon Solijonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 160-moddasi 8-bandiga asosan xodimning tashabbusi ko‘ra bekor qilinganligi aniqlangan.
Buyruqqa asos qilib, I.Solijonovning arizasi, taraflar o‘rtasida kelishuv hamda Mehnat kodeksining 160-moddasi asos qilingan.
I.Solijonovning murojaati sinchiklab o‘rganib chiqilganda ish beruvchining mazkur buyrug‘i amaldagi mehnat qonunchiligiga zid ravishda qabul qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Birinchidan, Oliy sud Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarori 15-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu korxonadagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi, deyilgan.
O‘rganish davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, I.Solijonov ishdan bo‘shash istagi bo‘lmagan bo‘lsa-da, ish beruvchi va uning vakillari unga qistov bilan ariza yozdirganligi ravshan bo‘ladi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 160-moddasida “Xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek, muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli” ekanligi belgilangan.
Ish beruvchining buyrug‘i qabul qilinishida I.Solijonovni o‘zi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida arizasi hamda 2024-yil 17-aprel kungi taraflar kelishuviga asosan 2024-yil
17-aprel kunidan bekor qilish bayon qilingan bo‘lsa-da, o‘rganishda mazkur ariza va kelishuv bitimi 2024-yilning 18-aprel kuni yozilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, I.Solijonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 160-moddasi talablariga zid ravishda qabul qilingan.
Barcha to‘plangan ma’lumotlar sudga taqdim etildi. Sudning hal qiluv qarori bilan Farg‘ona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining 2024-yil 17-aprel kungi buyrug‘i bekor qilindi. Islomjon Solijonov o‘z ishiga tiklandi. Uning foydasiga esa ish beruvchidan majburiy progul kunlari va ma’naviy zarar uchun jami 32 mln. 705 ming so‘m undirib berildi.
Avazxon Turaxodjayev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari
Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi bosh yuriskonsulti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: