Xodimni aldash ish beruvchiga 34 mln. so‘mdan ko‘pga tushdi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashiga Barchinoy Ahmadaliyeva mehnatga oid buzilgan huquqlarini himoya qilishda yordam so‘rab murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Barchinoy Ahmadaliyeva 2023 yil 16 oktyarda mehnat ta’tiliga chiqadi. Bu orada u, ya’ni homiladorligi sababli 2023 yil 7 noyabrdan 2024 yil 12 martgacha homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqadi. Kerakli hujjatlarni esa kadrlar bo‘limiga taqdim etadi. Hamma mashmasha ana shundan keyin boshlanadi.
Barchinoy Ahmadaliyeva 2023 yil 4 noyabr kuni ishga chaqirtiriladi. Ustamonlikni qarangki, xodimga hammasi yaxshi bo‘lishi, “dekret” puli to‘lanishi, keyin yana o‘z ish joyiga qaytishini aytib, kadrlar bo‘limi tomonidan kelishuv va ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi buyruqqa aldov yo‘li bilan imzo qo‘ydiriladi. Shu orqali “GLOBAL TEXTILE INFINITY” MCHJ QKning 2023 yil 4 noyabrdagi buyrug‘i bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2023 yil 6 noyabr kunidan taraflar kelishuviga ko‘ra bekor qilinadi.
Barchinoy Ahmadaliyeva esa keyinchalik ishdan aldab bo‘shatilganini biladi. Huquqiy ko‘mak so‘rab turli idoralarga murojaat qiladi. Afsuski, u murojaat qilgan idoralar unga hech qanday yordam bera olmaydi. Alal oqibat u O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashiga murojaat qiladi.
Barchinoy Ahmadaliyevaning murojaati o‘rganilar ekan, uni ishdan bo‘shatishda ish beruvchining buyrug‘i qabul qilinishida Mehnat kodeksining talablari buzilganligi aniqlanadi. Shunga ko‘ra, ish beruvchidan Barchinoy Ahmadaliyevani ishdan bo‘shatganligi to‘g‘risidagi buyruq va buyruqqa asos bo‘lgan hujjatlarni taqdim qilish yuzasidan kengash tomonidan so‘rov xati yuboriladi. Ammo bunga ish beruvchi tomonidan hech qanday munosabat bildirilmaydi.
Uzoq olib borilgan muzokaralardan so‘ng ish sudda ko‘rib chiqiladi.
Sudning qarori bilan Barchinoy Ahmadaliyeva “GLOBAL TEXTILE INFINITY” MCHJ QKga o‘z ish joyiga ishga tiklanib, mehnatga layoqatsizlik varaqasi uchun to‘lov, majburiy progul, ma’naviy zarar hamda ish beruvchi tomonidan o‘z vaqtida to‘lamaganligi uchun foiz to‘lov pullari jami bo‘lib, 34 mln. 474 ming so‘m undirib berish haqida hal qiluv qarori qabul qilinib, xodimning mehnatga oid buzilgan huquqlari to‘liq tiklandi.
Avazxon Turaxodjayev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi bosh yuriskonsulti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: