Qir-adirlar bag‘rida joylashgan oromgoh yana fayzga to‘ldi
Bugun Oltiariq tumanidagi “Oltiariq” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi mavsumning ilk dam oluvchi o‘g‘il-qizlarini bag‘riga oldi.
Avvalo, shuni aytish kerakki, oromgohda joriy mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, bolajonlarning miriqib dam olib, ta’tilni taassurotlarga boy o‘tishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Birinchi navbatda, yotoq binolari ta’mirlandi, futbol maydonining holati yaxshilandi, cho‘milish havzasi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Ochiq maydondagi amfiteatr obod qilindi.
So‘lim go‘shada bolajonlarning sport bilan shug‘ullanishlari, iste’dodini yuzaga chiqarish uchun to‘garaklar tashkil etilgan.
— Oromgohimiz yana bolajonlarning sho‘x-shodon kulgusi bilan fayzga to‘ldi. Dam oluvchilarning har tomonlama — o‘ynab-kulishi, bilimlarini mustahkamlashi, sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi “Oltiariq” oromgohi rahbari Dilshodbek Islomov. — Oromgohimiz besh mavsum davom etadi. Unda 500 nafar o‘g‘il-qizlar oromgohda miriqib hordiq chiqaradilar.
Bundan tashqari, oromgohda bolajonlarning qiziqishiga qarab to‘garaklar tashkil etilgan. Bolalar adabiyotlari, ertak va she’r kitoblarga to‘la kutubxona dam oluvchilar ixtiyorida.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: