FAQAT VATAN SOG‘INCHI QIYNAMOQDA!
Tashqi migratsiyada yurgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish, mushkulini oson qilish borasida boshlangan xayrli tashabbusda Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Mahalla “yettiligi” ishtirokidagi Ishchi guruh xonadonma-xonadon yurib, ayni chog‘da xorij mamlakatlarida mehnat qilayotgan fuqarolar bilan telefon orqali suhbatlashilib, anketa-so‘rovnoma asosida xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, migratsiyada bo‘lgan fuqarolar bilan telefon orqali muloqotda uning qanday ish bilan shug‘ullanayotgani, yashash sharoiti, ish haqlarini olishda muammolar yo‘qligi, agar qiyinchilik sezayotgan bo‘lsa, ko‘mak ko‘rsatilishi, O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan fuqarolarga yurtimizda bandligini ta’minlash choralari ko‘rilishi tushuntirilmoqda.
Viloyatning Furqat tumanida 2 ming 740 nafar kishi xorijda mehnat qilmoqda. Ishchi guruh a’zolari har bir xonadonga kirib, ular bilan telefon orqali suhbatlashib, anketa so‘rovnomalarini to‘ldirmoqda.
— Mahallamizdan 41 kishi xorijga ishlashga ketgan. Ularning 12 nafari ayollar. Ishchi guruh a’zolari bilan ularning yashash xonadoniga borib, oila a’zolari va o‘zlari bilan telefon orqali suhbatlashib, anketa so‘rovnomalarini to‘ldiryapmiz, — deydi Furqat tumani “Qizil-qiyoq” MFY raisi Ibrohim Qo‘chqarov. — Suhbatdan ma’lum bo‘lmoqdaki, ularning aksariyati o‘z ish o‘rnini topgani, oylik ish haqlarini olishda hech qanday muammo yo‘qligi, faqat Vatan sog‘inchi qiynayotganligini aytmoqdalar.
Shu qishloqda tug‘ilgan Mirshohid Abdurahmonov ham 5 yildan beri Rossiya davlatida ishlaydi. So‘rovnoma to‘ldirish paytida ayon bo‘ldiki u quruvchilik bilan shug‘ullanmoqda. Ishi, yashash joyi, ish haqi, salomatligi, umuman, hammasi joyi ekani, maoshlarini to‘plab, o‘z qishlog‘ida tadbirkorlik qilish niyati borligini bildirib o‘tdi.
Shu yerlik O‘ktamxon Po‘latovaning ikki farzandi va kelini ayni paytda Rossiya davlatiga ishlashga ketgan. O‘g‘li Ahrorjon oshpaz, qizi Shoiraxon oshpaz yordamchisi, kelini Sevaraxon esa do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlamoqda. Rosti, yo‘qlovdan O‘ktamxon opaning ko‘ngli yorishib ketdi. Farzandlari yaxshi ishlab, yaxshi maosh olayotgani, kunda-kunora farzandlari bilan telefon orqali muloqot qilayotgani, ishlari durustligini aytdi. Ishchi guruh ular bilan video muloqot qilib, yashashi, turmush sharoitini o‘rgandilar. Savol-javoblar orqali so‘rovnoma to‘ldirildi.
Xonadonma-xonadon yurib, xorijdagi yurtdoshlarimizning holidan xabar olish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash, qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatish, Vataniga qaytish istagini bildirgan yurtdoshlarimizni ishga joylashtirish, bandligini ta’minlash kabi xayrli ishlarda hech bir yurtdoshimiz e’tibordan chetda emasligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: