Uchko‘prikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan Nazokat Umarovaga yangi uy qurib berildi
Yurtimizda xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning turmush farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, bandligini ta’minlash orqali daromadlarini oshirish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchko‘prik tumanida ham joriy yil davomida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor, uy-joyi ta’mirga muhtoj, qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamga muhtoj ayollar bilan aniq va manzilli ishlar olib borilmoqda.
“Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi doirasida tumandagi 52 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarga 6 toifa bo‘yicha alohida manzilli ërdam ko‘rsatilmoqda.
Xususan, kam ta’minlangan, uy-joy, yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berilmoqda.
Nazokat Umarova «Gʻijdon» mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ona sifatida uch nafar farzandini voyaga yetkazmoqda. Mahallabay o‘rganishlar davomida turmush sharoitidan kelib chiqib «Ayollar daftari»ga kiritilgan.
Qisqa vaqt ichida sektor rahbari, tuman prokurori O‘ktamjon Yo‘lchiyev tashabbusi bilan homiylar ko‘magida Nazokat Umarova uchun uch xonali zamonaviy hovli-joy qurib bitkazildi.
Tuman hokimi Qodirjon Erkaboyev, sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri, nuroniylar ishtirokida yangi xonadon o‘z egasiga topshirildi.
E’tiborli jihati, sektor rahbarlari tomonidan yangi uy uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlar va maishiy texnikalar ham yetkazib berildi.
Umuman, Uchko‘prik tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yuksaltirish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: