Boshlang‘ich tashkilotlarga amaliy yordam ko‘rsatildi
O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi tomonidan Quva tumanidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga amaliy yordam berish hamda tarmoq kasaba uyushmasi faoliyatini ustav talablari bo‘yicha tashkil etish maqsadida boshlang‘ich tashkilotlarning kasaba uyushma qo‘mitasi raislari va ish beruvchilar ishtirokida seminar tashkil etildi.
Dastlab tuman va shahar kengashi raislari tumandagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida bo‘lib, ularning ish faoliyati hamda ish hujjatlari bilan tanishishdi. Bu jarayonda yetakchilarga boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari ishini ustav talablari bo‘yicha tashkil etishga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xususan, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga amaliy yordam ko‘rsatishlar davomida xodimlarga ish haqining o‘z vaqtida berilishi, mehnat muhofazasi, mehnat qonunchiligiga hamda Ustav talablariga rioya etilishi, shuningdek, aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari, mehnat muhofazasi yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar va aniq ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotida kasaba uyushma a’zolik badallari tushumini smeta asosida sarflanishini tashkil etish, moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirish, ish yuritishni tashkil etish hamda kasaba uyushmasiga a’zolik afzalliklari, nodavlat sektori mehnat qilayotgan xodimlarni kasaba uyushmalariga jalb etish kabi masalalar ham chetda qolmadi.
— O‘ylaymanki, ushbu seminar boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun har tomonlama foyli va samarali bo‘ldi. Biz yetakchilar mehnat qilayotgan muassasada bo‘lib, ularning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ular ish faoliyatlari davomida nimalarga e’tibor qaratish, ish hujjatlarini qanday yuritish, umuman, faoliyatlariga nimaki ta’lluqli bo‘lsa, barcha yo‘nalishda amaliy ko‘mak ko‘rsatdik, — deydi Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Lolaxon Ahmedova.
— Tashkil etilgan seminardan faoliyati ish faoliyatimizda asqotadigan ko‘plab bilimlarga ega bo‘ldik. Ayniqsa, mehnat jamaosiga kelib, bizga amaliy yordam ko‘rsatilgani judayam yaxshi bo‘ldi, — deydi Quva tumani 12-maktab boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ozodaxon Madaminova. — Shu bahona kamchiliklarimizni bilib, ularni bartaraf etdik.
Tashkil etilgan ushbu muloqotda ishtirokchilarning ko‘plab turli yo‘nalishdagi savollariga javob berildi, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikr almashildi.
Boshlang‘ich tashkilotlarga bu kabi amaliy yordamlar navbatma-navbat boshqa tumanlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirib olindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: