Muruvvat uyida Navro‘zi olam katta tantana qilindi
Bu yil muqaddas Ramazon oyida nishonlanayotgan hamjihatlik va shukronalik ayyomi-Navro‘z bayramining shukuhi O‘zbekiston tumanida ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
Maskanlarda xalqimizning azaliy qadriyatlarini mujassam etgan turkum tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Yangilanish va yuksalish ayyomi munosabati bilan bugun Qudash “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida ham tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev boshchiligidagi sektor rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev, tuman bosh imom-xatibi Adhamjon Yuldashev, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, mehrga tashna qalblarga shodlik ulashildi.
Tadbirda so‘z olganlar ushbu maskanda yashovchi 360 nafar imkoniyati cheklangan ayollar va ularning mehribon qarovchilari, xodimlarni qutlug‘ ayyomlar-muborak Ramazon oyi va Navro‘zi olim bilan samimiy qutlab, barchaga mustahkam sog‘lik, ko‘ngil xotirjamligini tiladilar.
Qur’on tilovati qilinib, Yaratgandan yurtga tinchlik, elimizga omonlik va farovonlik, barchaga mehr-oqibat, bemorlarga shifo so‘raldi.
Saxovatpesha insonlarning ehsonlari, tashkilotchilarning bayram sovg‘alari o‘z egalariga topshirilib, bayramona dasturxon atrofidagi dildan suhbatlarda barchaga yana bir bor samimiy e’tibor ko‘rsatildi.
Kuy-qo‘shiq hamda raqslar bilan davom etgan bayram tadbiri davomida ishtirokchilarga yanada shodumonlik, iliq mehr va bahoriy kayfiyat ulashildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: