38 nafar xotin-qizlar faollari sihatgohga dam olish uchun yuborildi
Muhtaram Yurtboshimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “Oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda teng huquqliligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, bugun, 28 fevral kuni Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda hamda “Ayollar daftari”ning 5-bosqichini shakllantirishda faol ishtirok etgan 38 nafar xotin-qizlar faollari viloyatning so‘lim Chimyon qishlog‘ida joylashgan sihatgohida dam olish uchun imtiyozli ravishda yuborildi.
Xotin-qizlar faollarini sihatgohga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Kavlonova va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyevlar kuzatib qo‘yishar ekan, dam oluvchilarni yaqinlashib kelayotgan Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy muborakbod etdilar. Shuningdek, ularning kelgusi ishlariga omad va zafarlar tilandi.
Xotin-qizlar faollarining sihatgohda tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida qabul qilishlari, maroqli hordiq chiqarishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, ular uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va konsert dasturlari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: