Ulug‘ va mard xalqimiz muqaddas huquqimiz –mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qo‘ymaydi!
Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston va Rossiyani ko‘p yillik tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalar bog‘lab turadi. Bugungi kunda ular jadal rivojlanib, yildan-yilga yangi qiyofa kasb etib bormoqda.
Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sib boryapti, balki sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Ilgari o‘zaro tovar ayirboshlash tarkibining aksariyatini xomashyo tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda savdoning 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga to‘g‘ri kelmoqda. Investisiya sohasida ham yengil va kimyo sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik, sog‘liqni saqlash va farmasevtika tarmoqlarida innovasion loyihalar salmog‘i ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan joriy yil 5-7 oktyabr kunlari ushbu davlatga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlantirishda yangi sahifa ochdi.
Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari tomonidan imzolangan 10 ta hujjat almashildi. Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining bosh konsulxonasini ta’sis etish, vakolatli iqtisodiy operator institutlarini o‘zaro tan olish, “Agroyekspress” tezkor temir yo‘l tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimlar, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025 yillar uchun hamkorlik dasturi, shuningdek, transport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik bo‘yicha hujjatlar shular jumlasidan.
Shu nuqtai nazardan aytganda, mazkur tashrif amalda davlatlarimiz uchun deyarli barcha darajada va har bir dolzarb yo‘nalish bo‘yicha hamjihatlikda harakat qilish uchun kuchli turtki berdi. Ushbu tashrif tom ma’noda barcha sohalar, jumladan, ta’lim va texnologiya almashinuvini rivojlantirishga ham muhim omil bo‘ladi.
Ikki tomonlama erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirishga, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrifning muhim jihatlaridan biri shundaki, keng ko‘lamli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilingani o‘zaro munosabatlarda yangi davrni boshlab berish barobarida, O‘zbekiston — Rossiya sherikligi rivojiga kuchli turtki bo‘ldi.
Lekin O‘zbekiston — Rossiya sherikligida yangi davr boshlanayotgan bir pallada so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylangan, biz bilan do‘stlik rishtalarini bog‘lab, har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik qilib kelayotgan Rossiya Federatsiyasidagi siyosiy partiya – «Spravedlivaya Rossiya – Patriotы – Za pravdu»ning hamraisi Zaxar Prilepinning urushni targ‘ib qilishga qaratilgan chiqishi barchamizni qalblarimizni larzaga soldi.
Ha, bugungi dunyo taraqqiyot, innovasion rivojlanish, inson huquqlari, ekologiya va shunga o‘xshash progressiv tashvishlar bilan yashasa-da, kimlardir davlat axborot agentliklari orqali fashizm g‘oyalarini ochiqdan-ochiq olg‘a sursa, mutlaq suveren, mustaqil davlatlarni bosib olish kerakligini, bitta tilning boshqa tillardan ustunligini uqtirib tursa, albatta, tashvishlidir.
Kaykovusning Qobusnoma asarida “Aqlsiz do‘st aqllik dushmandin yomonroqdur” degan naql bor. Bu “do‘st” dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida notinchlik yuz berayotgan, qonli mojarolar avj olayotgan, buning natijasida tinch aholi jabr ko‘rayotgan, uy-joyidan, mol-mulkidan ayrilib boshpanasiz, himoyasiz qolayotgan ayni zamonda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlikka rahna solish niyatini bildirdi.
O‘zbekiston mustaqil, suveren davlatdir. Uni bosib olishga, unda o‘z hukmini o‘tkazishga, xorijiy til o‘rgatishga hech kimning haqqi yo‘q! Aksincha, urushni targ‘ib qilish – bu jinoyatdir.
Shuni alohida aytamizki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik hukm surayotgani, bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom etayotgani, iqtisodimiz yuksalayotgani, sportchilarimiz zabt etayotgan shohsupalar, erishayotgan yutuqlarimizning barcha-barchasi mamlakatimiz qudratidan dalolatdir. Bizning ulug‘ xalqimiz muqaddas huquqimiz – mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qo‘ymaydi! Mustaqilligimizni, suverenitetimizni, davlat chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishga kuch-qudratimiz ham, jur’atimiz ham yetarlidir.
Orzigul Qozixonova,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: