Uchko‘prik ishsizlikdan xoli hududga aylanadi
Uchko‘prik tuman hokimligi tashabbusi bilan tumanni xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i K.Kavlonova, viloyat “Tadbirkor ayol” uyushmasi rahbari D.Mehmonova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari O.Qozixonova, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari va tuman-shahar hokimlarining o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari hamda mutaxassislari ishtirok etdi.
Dastavval seminar ishtirokchilari tuman hokimligida tashkil etilgan “Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha tuman Shtabi” faoliyati hamda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
– Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida tumandagi xotin-qizlar uyma-uy yurib xatlovdan o‘tkazilganda 1 955 nafar opa-singillarimiz ishlash istagi borligini bildirdi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida mahalla va tuman dasturi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda 826 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam berilib, ularning 363 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 56 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 6 nafariga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit ajratildi, 221 nafari o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, yana 179 nafari mavsumiy ishlarga jalb etildi, shuningdek, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, – dedi seminarda Uchko‘prik tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i G.Jo‘rayeva.
Seminar qatnashchilari Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hamda «Boboshbek» ishlab chiqarish va savdo kompleksidagi tadbirkorlik subyektlarida ham bo‘lib, u yerda ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan ham bevosita tanishdilar.
Shuningdek, Katta Qashqar mahalla fuqarolar yig‘iniga ham tashrif buyurgan mehmonlar “Ayollar maslaxat kengashi”, “Oqila ayollar harakati” faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlarga ham guvoh bo‘ldilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: