XALQONA HUJJAT
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 11 sentyabrida imzolangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon hamda 12 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori kelgusi yillarda amalga oshiriladigan islohotlar samarasini belgilab beradigan tarixiy hujjat bo‘ldi, deyish mumkin.
Ha, xalq manfaatini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi. Uning loyiha muhokamasida 1 milliondan ko‘p takliflar kelib tushganidan ham bilish mumkinki, bunga xalqimiz befarq emas.
Beshta ustuvor yo‘nalishda yuzta maqsadni birlashtirgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ixcham, sodda, barcha uchun tushunarli tarzda ishlab chiqildi. Shu bois ham strategiya xalqona hujjat sifatida e’tirof etilmoqda.
Mamlakat hayotiga teran nazar solar ekanmiz, yurtimizdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarning shiddatli rivojiga guvoh bo‘lamiz. Tinchlik, bunyodkorlik, iqtisodiy erkinlik, ijtimoiy himoya – bularning barchasi inson uchun xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining ana shu jarayonlarni yanada kengaytirish va jadallashtirish maqsadiga yo‘naltirilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni katta qiziqish bilan kutib olindi.
Bu bejiz emas, albatta. Strategiyaning asosiy maqsadi – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi asnosida amalga oshirilayotgan, hammamiz ko‘rib – bilib turgan keng ko‘lamli va ayni vaqtda xalqparvar islohotlarni izchil davom ettirishga, soha va yo‘nalishlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, jamiyat taraqqiyotida muhim iz qoldirishi shubhasiz.
Ayniqsa, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash masalalarining o‘rin olganligi xalq farovonligiga xizmat qiladi, albatta.
Ta’kidlash joizki, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash masalasi bugungi kunda notinchlikdan tebranib turgan dunyo misolida hammamiz uchun muhimdir. Biz, albatta, barcha muvaffaqiyatlarimizning garovi bo‘lgan mamlakat mustaqilligini himoya qilishni, uning xavfsizligini, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashni eng muhim va dolzarb masala, deb bilamiz. Bu maqsadlarning strategiyadan o‘rin olishi ertangi farovon hayotimiz kafolatidir.
Shuningdek, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish ham oddiy gap emas. Qayerda adolat bo‘lsa, shu yerda taraqqiyot bo‘ladi, o‘sish bo‘ladi. Strategiyaning asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lgan bu maqsad ham barchamizni birlashtiradi, deb ishonamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur xalqona hujjatdan kutilgan oliy maqsad – inson qadr topgan, odamlar o‘tayotgan kunidan rozi bo‘lib, orzu umidlari ifodasiga ishonch bilan yashaydigan davlat barpo etishdir.
Orzigul Qozixonova,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining o‘rinbosari.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: