“Ishonch” ijodkorlari mushtariylar bilan birga
“Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari ijodiy jamoasining Farg‘onalik gazetxonlar bilan uchrashuvi fikr va mulohazalarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashida tashkil etilgan uchrashuvda kasaba uyushma faollari, gazeta mushtariylari va gazeta tarqatuvchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilindi.
Davra suhbatini boshqarib borgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Orzigul Qozixonova O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi muassisligida chop etiladigan “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari o‘zining dizayni, rang-barang sahifalari bilan mushtariylar qalbidan joy olayotganini e’tirof etdi.
“Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov gazetaning mazmun mundarijasi, gazetaning jamiyatdagi o‘rni, unda berilayotgan maqolalar, gazetani tarqatish, uni mushtariylarning qo‘liga yetib borishigacha bo‘lgan jarayonlarga to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuvda gazetani yanada o‘qishli va ommabop qilishda mushtariylarning fikr va takliflari muhimligi ta’kidlandi.
Shuni alohida aytish joizki, keyingi yillarda “Ishonch” gazetasida chop etilayotgan rang-barang mavzulardagi maqolalar mushtariylarni befarq qoldirayotgani yo‘q. Ayniqsa, tahliliy va tanqidiy maqolalarga keng o‘rin berilmoqda.
Gazetxonlarning fikrini o‘rganish, qaysi mavzular o‘quvchilarni ko‘proq qiziqtirishini bilish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda mushtariylar tomonidan gazetaning mazmun-mundarijasini yanada boyitish borasidagi taklif va tavsiyalari o‘rtaga tashlandi.
— Sevimli nashrimiz hisoblangan “Ishonch” ham o‘z obunachilari, o‘quvchilariga ega. Oxirgi paytda gazetada tahliliy tanqidiy maqolalarning soni keskin oshdi, — deydi Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Quvasoy shahar kengashi raisi Rahmatjon Niyozov. — Shuningdek, gazeta sahifalarida taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan omillar, yon-atrofimizdagi ijtimoiy muammolar dadil ko‘tarilib chiqilmoqda. Gazetada tanqidiy, tahliliy, mushohadaga chorlovchi maqolalarning ko‘payib borayotgani esa mushtariylarning gazetaga bo‘lgan ishonchini yanada orttirmoqda. Ayniqsa, gazeta sahifalarida berilayotgan kasaba uyushmalari hayotiga doir “Kasaba uyushmalari aralashgach…”, “Kasaba uyushmalari yetakchilari haqida hikoyalar” kabi mavzularda berilayotgan maqolalar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Bu maqolalar orqali biz o‘zimiz uchun ham, ish faoliyatimiz uchun ham ko‘p narsani o‘rganyapmiz. Istardimki, mana shunday maqolalar gazeta sahifalarida muntazam ravishda chop etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
— Keyingi yillarda “Ishonch” gazetasida chop etilayotgan rang-barang mavzudagi maqolalar mushtariylarni befarq qoldirayotgani yo‘q, — deydi Oltiariq tumani 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Munavvarxon Rahimberdiyeva. — Mamlakatda kechayotgan islohotlar jarayoni, odamlarning ongu tafakkuridagi o‘zgarishlarni aks ettiruvchi hayotiy maqolalar ko‘payayotganligini ko‘ryapmiz. Hamkasblarim bilan davra suhbati tashkil etsak, doimo “Ishonch”da chop etilgan maqolalar muhokama qilinadi. Chunki gazetaning har bir sonida, albatta, o‘quvchini qiziqtiradigan maqolalar bo‘ladi. Aytmoqchimanki, gazetani varaqlagan kishi uchun muhim yangilik hamisha topiladi.
— Sevimli nashrimizning ijodkorlari bilan o‘tkazilgan muloqot barcha mushtariylarda katta taassurot qoldirdi, — deydi Farg‘ona politexnika instituti kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Baxtiyor Dadajonov. — Shaxsan o‘zim va institut jamoasi “Ishonch” gazetasini hech bir sonini qoldirmasdan o‘qiymiz. Uning har bir sonida, albatta, dolzarb mavzu ko‘tariladi. Shuning uchun ham biz mushtariylar gazetaning har bir sonini katta qiziqish bilan o‘qib boramiz. Ayniqsa, gazeta sahifalarida berilayotgan “Kasaba uyushmalari aralashgach…”, “Javobini kutayotgan savollar”, “Og‘riq tishlar”, “Ishonch” savoli kabi runklar ostida berilayotgan dolzarb mavzularni qoldirmasdan mutolaa qilaman. Qolaversa, bu kabi maqolalar ko‘pchilikda qiziqish o‘yg‘otmoqda. Mushtariy sifatida aytishim mumkinki, bugun “Ishonch” respublikamizdagi yetakchi nashrga aylandi. Taklifim shundan iboratki, mushtariylar bilan uchrashuvlar bir yilda bir marotaba emas, balki tez-tez o‘tkazilishi har ikki tomon uchun foydali bo‘lar edi.
— Gazeta bugun zamon bilan hamnafas ravishda odimlab bormoqda. Bunga gazetaning elektron variantining yo‘lga qo‘yilganini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ayni shu jihat ham gazetaning yanada ommalashishiga, o‘quvchilarining soni ko‘payishiga xizmat qilmoqda, desam adashmagan bo‘laman. Qolaversa, gazetaning sarlavhalari va dizayni ham boshqa gazetalardan ajralib turadi. Gazetadagi yondashuv, yozilish uslubi ham mushtariylarni o‘ziga chorlaydi, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchsi Shohsulton To‘xtamatov.
Bir so‘z bilan aytganda, Farg‘onada o‘tgan “Ishonch” kunlari” gazeta sahifalarini bundan-da boyitish uchun muloqot maydoniga aylandi.
Jamshid Ergashev,
“Ishonch” gazetasi muxbiri.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: