Bu yaxshilikni hech qachon unutmaymiz
Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi Xidoyatxon Saynazarova 10 yildan buyon Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasida ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlaydi. Ishi havas qulgulik bo‘lmasada, noligan emas. Hayot Xidoyat opaning boshiga ko‘p sinovlarni soldi. 19 ga kirgan qizi Maftuna 4 yoshligida yiqilib tushishi natijasida, bir umrga ko‘rpaga mixlanib qoldi. Qizini davolatish uchun ko‘rsatmagan shifokori, bormagan joyi qolmadi, hisob. Uyidagi pulga kirgan buyum borki, sotib qizini shifo topib, yana oyoqqa turib ketishi uchun sarfladi. Afsuski, Maftuna tengdoshlari kabi o‘ynab keta olmadi…
Xonadonma-xonadan yurib, opa-singillarimizning turmush tarzi, yashash sharoiti, umuman ijtimoiy ahvoli o‘rganilganda haqiqiy muammolar yuzaga qalqib chiqdi.
Farg‘ona shahrining “Shakarqishloq” mahallasida yashovchi Xidoyat Saynazarova ikki farzandi bilan yolg‘iz qolgan. Bolalarini ulg‘aytirish asnosi yashayotgan xonadonni yangilashga, xatto ta’mirlashga moddiy jihatdan imkoniyati bo‘lmadi. Opaning oilaviy ahvoli bilan tanishgan ishchi guruh vakillari uni “Ayollar daftari”ga kiritdi.
— Ikki farzandim bor. 19 yoshli qizim I guruh nogironi. U doimiy qarovga muhtoj. Turmush o‘rtog‘im olamdan o‘tib ketgan. O‘zim 10 yildan beri Farg‘ona shahar obodonlashtirish boshqarmasida ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlayman. Moddiy qiyinchilik sabab uy-joyimizni ta’mirlay olmadik. Ishchi guruhning o‘rganishlaridan so‘ng xonadonimiz ta’mirlanadigan bo‘ldi. Qo‘llari dard ko‘rmasin, kuni kecha ustalar ta’mirlash, pardozlash ishlari tugatib, uyimizni koshonadek qilib berishdi, — deydi Xidoyat Saynazarova.
Farg‘ona shahar “Yangisoy” mahallasida yashovchi Saodatxon Normirzayevaning hayotida bir umr yodda qoladigan voqea bo‘ldi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, u ham “Ayollar daftari”ga olinib, uy-joyi ta’mirlanadigan bo‘ldi. Chunki ikki oila bir xonali uyda yashab kelayotgan edi. Davlatimizning ko‘magi bilan uning yashash xonadoni ta’mirlanib, yana bir xonali uy qurib berildi.
— Baraka topishsin, yaxshi insonlarning xayrli tashabbusi bilan uymizga fayz, nur kirdi. Shu payt bir xonali uyda yashardik. Mana Davlatimizning g‘amxo‘rligi sabab uyimiz ikki xonali bo‘ldi. Bu yaxshilikni hech qachon unutmaymiz, — deydi Saodatxon Normirzayeva.
Farg‘ona shahar “Beruniy” mahallasida yashovchi Saidaxon Nuriddinova olib borilgan o‘rganishlarn keyin ishsizligi bois “Ayollar daftari”ga olindi. Ko‘p o‘tmay u maktabgacha ta’lim tashkilotiga xo‘jalik xodimi sifatida ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirishi uchun subsidiya asosida tikuv mashinasi ham olib berildi.
— Ishdan bo‘sh vaqtlarimda tikuvchilik bilan shug‘ullanib, asosan yostiqlar, shuningdek, ro‘zg‘or uchun zarur buyumlar tayyorlab, savdo do‘konlariga tarqatmoqdaman. Bu oilamiz uchun qo‘shimcha daromad bo‘lmoqda, — deydi Saidaxon Nuriddinova.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimizni og‘iri yengil, mushkuli oson bo‘layotganligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” tamoyili amalda ekanligining yorqin isbotidir.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: