50 nafar ishchi-xodimlarning Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tashabbusi bilan Istiqlolimizning 33 yilligi arafasida viloyatimizdagi mehnat jamoalarida xizmat qilayotgan 50 nafar ishchi-xodimlarning Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi.
Farg‘onalik sayyohlar Samarqand viloyatiga sayohati o‘zbek xalqining atoqli farzandi, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan benazir alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Rasadxonasi va muzeyi bilan tanishishdan boshladilar. Ular ushbu dunyoga mashhur majmuada ko‘plab tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Sayohatchilarning navbatdagi manzili ro‘yi zamin sayqali Samarqanddagi Xoja Doniyor maqbarasi bo‘ldi.
Bu tarixiy maskan uch din vakillari uchun ham muqaddas ziyoratgoh sanaladi. Bunday tabarruk bo‘lgan maskanlar dunyoda kam uchraydi. Bu maqbara xalqimizga xos diniy bag‘rikenglik namunasi sanaladi.
Shohi Zinda, ya’ni «Tirik shoh» maqbaralar majmuasi o‘tmish ajdodlarimiz tarixi va taqdirida alohida o‘rin tutadi. U ko‘hna Samarqandning janubiy qismida joylashgan bo‘lib, muqaddas ziyoratgohlaridandir. Farg‘onalik ishchi-xodimlarning navbatdagi manzili mazkur ziyoratgoh bo‘ldi.
Samarqand shahriga tashrif buyurgan inson borki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, davlat va siyosat arbobi Islom Karimov qabrini ziyorat qilmay qaytmaydi.
Farg‘onadan tashrif buyurgan sayohatchilarning navbatdagi manzili Hazrati Xizr majmuasi hamda Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilish bo‘ldi.
Ma’lumki, Samarqand inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marotaba borib ko‘rishi albatta zarur bo‘lgan dunyodagi 50 ta shaharning biri sifatida e’tirof etilgan.
Albatta, bu ko‘hna va navqiron shaharga tashrif buyurgan kishi borki, Registonda bo‘lmay qaytmaydi. Farg‘onalik ishchi-xodimlar ham ushbu an’anaga sodiq qolgan holda Registonda bo‘ldilar.
Farg‘onalik 50 nafar ishchi-xodimlar Samarqandga sayohatlarini Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish bilan yakunladilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: